|
Toshkent, 19-mart. Birlashgan Qirollikning madaniy aloqalar va ta’lim imkoniyatlari boʻyicha faoliyat yurituvchi tashkiloti bo‘lmish Britaniya Kengashi tavsiyalarida ta’limda, ayniqsa ingliz tilini o‘rganish, o‘qitish va baholashda sun’iy intellektni qo‘llashning yanada mas’uliyatliroq, adolatliroq va inklyuzivroq usullarini taklif etadi. Maqola, ‘Human-centred AI: Lessons for English Learning and Assessment’, sun’iy intellekt texnologiyalarini tanlash va joriy etishda insoniyatga ko‘proq e’tibor qaratadigan yondashuvning zarurligini chuqur tahlil qiladi. Bu yondashuv ilmiy tadqiqotlar va ta’lim maqsadlariga asoslangan bo‘lib, uning negizida o‘quvchilarning ehtiyojlari hamda keng qamrovlilik tamoyili yotadi. Ta’lim tizimida o‘qituvchilarning roli, turli soha mutaxassislari o‘rtasidagi hamkorlik va sun’iy intellekt bo‘yicha barcha manfaatdor tomonlarning savodxonligi sun’iy intellektni ta’lim jarayonini boyitadigan va baholash tajribasini yanada moslashuvchan qiladigan tarzda qo‘llash uchun asosiy omillar hisoblanadi. Bu yangi texnologiyalardan foydalanishni demokratlashtirish uchun ularga kirish imkoniyatini ta’minlash va ularning to‘liq salohiyatidan turli xil ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan o‘quvchilar uchun tajribalarni shaxsiylashtirish maqsadida foydalanish Britaniya Kengashi faoliyatida o‘rganilayotgan asosiy yo‘nalishlar hisoblanadi. Ta’limda sun’iy intellektga nisbatan yanada insoniyroq, professionalroq va oqilona yondashuvni qabul qilishning muhimligi haqida maqola muallifi hamda Britaniya Kengashining tilni baholash va ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha katta tadqiqotchisi va ma’lumotlar bo‘yicha mutaxassis Dr. Mariano Felice shunday deydi: ‘Biz ta’lim kabi muhim qarorlarni mashinalar ixtiyoriga tashlab qo‘ya olmaymiz, chunki bu borada hal etilishi lozim boʻlgan tartibga solish va huquqiy masalalar mavjud. Shunigdek, biz axloq va etikani ta’lim sohasidan ajratib qoʻya olmaymiz. Texnologiya bizga yordam beruvchi vosita sifatida foydalanish uchun kerak, biroq uning qo‘llanilishini mutaxassislar doimo nazorat qilib, har qanday chetga chiqish holatlarini oldini olishi va ularni tuzatib borishlari lozim.’ Ingliz tilini o‘rganish va baholashda insonga yo‘naltirilgan yondashuvning o‘nta tamoyili - Imkoniyatlarni qabul qiling. Sun’iy intellekt – bu o‘zgaruvchan texnologiya. Til o‘qitish, o‘rganish va baholash sohasida sun’iy intellekt bugungi kungacha mavjud bo‘lgan imkoniyatlar chegarasini kengaytirib, butun ta’lim jarayonini yanada qiziqarli, individuallashtirilgan va samarali qiladigan yangi yondashuvlarni joriy eta oladi. Zamon bilan hamnafas yura olmaydigan va bu imkoniyatdan foydalana bilmaydigan tashkilotlar o‘z ahamiyatini saqlab qolishda tobora ko‘proq qiyinchiliklarga duch keladi.
- Maqsadga yoʻnaltirilgan eʼtiborni saqlab qoling. Til o‘qitish, o‘rganish va baholash sohasining asosiy ishtirokchilari sifatida bizning vazifamiz - aniq maqsad va strategiyasiz texnologiyadan foydalanish g‘oyasiga qarshi turishdir. Sun’iy intellektni o‘qitish va baholash jarayonlariga tatbiq etish faqat ilmiy tadqiqotlarga asoslangan va ta’lim maqsadlari birinchi o‘ringa qo‘yilgan taqdirdagina samarali bo‘la oladi.
- Ekotizim hal qiluvchi ahamiyatga ega. Tan oling, o‘quv dasturi, o‘qitish usullari va baholash tizimining Kompleks ta’lim tizimida o‘zaro uyg‘un ishlashi shart. Texnologiya to‘siq emas, balki yordamchiga aylanishini ta’minlash uchun u butun ta’lim ekotizimiga uzluksiz integratsiyalashuvi kerak. Bu, boshqa barcha tizimlar kabi, asosiy manfaatdor tomonlar belgilagan qo‘llanish doirasida ishlaydi, bunda o‘quvchi eng muhim ishtirokchi sifatida e’tirof etiladi.
- Sun’iy intellekt savodxonligi barcha uchun. Barcha manfaatdor tomonlarning sun’iy intellektning asosiy tushunchalarini, uning qanday ishlashini va oʻqitish, o‘rganish hamda baholash mahsulotlari va xizmatlarida qo‘llanilishini o‘zlashtirishlari nihoyatda muhimdir. Turli manfaatdor tomonlardan talab qilinadigan savodxonlik darajasi ularning ta’lim tizimidagi vazifalarida asosli qarorlar qabul qilishlari uchun zarur bo‘lgan bilimlarga bog‘liq va ularga yangi vositalarni joriy etishdan oldin ularni tanqidiy baholash imkonini berishi lozim.
- Texnologiyadan oldin insoniyat. Britaniya Kengashining sun’iy intellektga yondashuvi insonga yoʻnaltirilgan boʻlib, boshqa barcha narsalardan oldin o‘quvchilarning ehtiyojlari hamda farovonligiga ustuvorlik beradi. Barcha texnologiyalar, jumladan sun’iy intellekt ham, faqat o‘rganuvchi yoki test topshiruvchining tajribasi va natijalarini yaxshilashi isbotlangan taqdirdagina ta’lim va baholash tizimiga tatbiq etilishi lozim.
- Taʼlim beruvchilar muhim ahamiyatga ega. Generativ sun’iy intellekt, xususan ChatGPT kabi katta til modellari, o‘zining aqlli imkoniyatlariga qaramay, o‘qituvchilar va til ekspertlari asrlar davomida to‘plagan bilim va tajribalar xazinasini yo‘q qila olmaydi. Eng yaxshi sun’iy intellekt texnologiyalarini inson tajribasi bilan uyg‘unlashtiradigan muvozanatli yondashuvni qo‘llash orqali, barcha manfaatdor tomonlar uchun ta’lim jarayonini yaxshilaydigan zamonaviy va samarali yechimlarni taqdim etishimizga ishonch hosil qila olamiz.
- Ekspertlar bilan hamkorlik. Uzluksiz texnologik o‘zgarishlar davrida mutaxassis bo‘lmagan kishilar uchun eng so‘nggi yutuqlardan xabardor bo‘lib turish anchagina mushkul vazifa hisoblanadi. Britaniya Kengashi ta’limning kelajagini shakllantirishda turli sohalarning muhimligini e’tirof etadi va o‘z mutaxassislik doirasidagi hamda undan tashqaridagi ekspertlar bilan faol muloqotni rag‘batlantiradi.
- Axloqiy me’yorlarga rioya qilish. Sun’iy intellekt tizimlarini taqdim etuvchilar va ulardan foydalanuvchilar axloqiy mulohazalarni ustuvor vazifa sifatida ko‘rishlari lozim, chunki bu bizni texnologiyadan adolatli, xavfsiz va hamma uchun qulay tarzda foydalanishga undaydi. Britaniya Kengashining "dizayn boʻyicha etika" yondashuvi rivojlanishning dastlabki bosqichlaridayoq yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan axloqiy masalalarni aniqlash va hal etishni maqsad qiladi.
- Yechimlarning haqiqatan ham ochiq ekanligiga ishonch hosil qiling. Ta’lim tizimlari sun’iy intellekt ilovalarini keng foydalanish mumkin bo‘lgan qurilmalarda va shakllarda mavjud bo‘lishini ta’minlashi lozim. Sun’iy intellektni loyihalash va qo‘llash faqat jamiyatda allaqachon imtiyozli mavqega ega bo‘lganlar uchungina emas, balki kelib chiqishidan qat’i nazar, barcha o‘quvchilarni faol jalb etish maqsadida yaratilishi lozim.
- Inklyuziv bo‘ling va xilma-xillikni qabul qiling. Sun’iy intellekt modellari turli guruhlarni xolislik va kamsitishsiz ifodalashini ta’minlash uchun muvozanatli va xilma-xil ma’lumotlar to‘plamlaridan foydalanib yaratilishi juda muhimdir. Biz, shuningdek, sun’iy intellektdan barcha xalqaro o‘quvchilar, ayniqsa aqliy va jismoniy imkoniyati cheklangan o‘quvchilar uchun imkoniyatlarni kengaytirishda foydalanilishini ta’minlashimiz lozim. Sun’iy intellekt o‘quvchilarning ehtiyojlariga moslashtirilgan o‘rganish va baholash jarayonini taqdim etish orqali ularni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega.
Dr. Mariano Felice haqida Mariano Britaniya Kengashida til o‘rganish va baholash uchun sun’iy intellekt (AI) strategiyasini boshqaradi. Uning vazifasi til baholashda tabiiy tilni qayta ishlash (Natural language processing, NLP) texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqish va joriy etish uchun strategik yo‘l-yo‘riqlar taqdim etish, shuningdek, sun’iy intellekt savodxonligini oshirish hamda yangi texnologiyalardan mas’uliyatli foydalanishni targ‘ib qilishdan iborat. O‘n yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan Mariano grammatik xatolarni tuzatish, avtomatik xatolarni kiritish, tizimni baholash, avtomatik testlarni yaratish va elementlarning qiyinligini bashorat qilish kabi keng ko‘lamli mavzular ustida ishlagan. U yuqori darajadagi NLP konferensiyalarida ko‘plab ilmiy maqolalar chop etgan va xalqaro konferensiyalarda muntazam ma’ruzachi hisoblanadi. Mariano Reding va Kembrij universitetlarining ham tashrif buyuruvchi olimi hisoblanadi. Britaniya Kengashi haqida
Britaniya Kengashi Birlashgan Qirollikning xalqaro madaniy aloqalar va ta’lim imkoniyatlari bo‘yicha faoliyat yurituvchi tashkilotidir. Biz Birlashgan Qirollik va jahon mamlakatlari xalqlari o‘rtasida aloqalar o‘rnatish, o‘zaro tushunish va ishonchni mustahkamlash orqali tinchlik va farovonlikni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz buni san’at va madaniyat, ta’lim hamda ingliz tili sohasidagi faoliyatimiz orqali amalga oshiramiz. Biz 200 dan ortiq mamlakat va hududlardagi aholi bilan hamkorlik qilamiz hamda 100 dan ziyod mamlakatda bevosita faoliyat yuritamiz. 2022-23-yillarda 600 million kishiga yetdik. www.britishcouncil.org.
|
|